Turkmanistonning Balkan viloyatida jiddiy qurg‘oqchilik sabab Mammetko‘l va Delili suv omborlari to‘liq qurib qoldi. Bu haqda Meteojournal xabar bermoqda.
Ushbu oomborlar Atrak daryosining toshqin davridagi suvlarini yig‘ib borishi bilan ahamiyatli edi, ammo 2024/2025-yilning sovuq mavsumidagi yog‘ingarchilik yetishmovchiligi ularni butunlay suvsiz qoldirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qishda yog‘ingarchilik me’yoridan kam bo‘lgan. Natijada suv omborlari nafaqat suv to‘plamagan. Mavjud hajmdan ham ayrildi. Bahor mavsumi ham juda quruq o‘tdi. Atrak daryosining yuqori oqimida suvning kamayishi va daryo bo‘yicha sarflarning ko‘payishi tufayli daryo to‘liq qurib qolgan, bu esa omborlarni butunlay suvdan uzib qo‘ygan. Issiq mavsumda esa kuchli bug‘lanish va filtratsiya oqibatida qolgan hajm ham yo‘qolgan.
Kuzatuvlar qanday ko‘rinish berdi?
- 2024-yil noyabr boshida Mammetko‘l omborining suv maydoni 3,26 km² edi, Delilida esa atigi 0,2 km² suv qolgandi.
- 2025-yil mart o‘rtalariga kelib Mammetko‘lning suv maydoni 2,5 km² gacha qisqardi, Delili esa deyarli qurib, 0,08 km²ga tushib ketdi.
- 2025-yil may boshida Mammetko‘lning suv maydoni 0,65 km²ga qadar kamaydi. Delili esa butunlay quridi.
- 2025-yil iyun boshiga kelib Mammetko‘l ombori ham to‘liq qurib qoldi.
Mammetko‘l ombori so‘nggi marta 2021-yilning kuzida, 2020–2023-yillardagi rekord qurg‘oqchilik paytida to‘liq qurigan edi. U 2023-yilning avgustida tog‘larda kuzatilgan kuchli yomg‘irlar sabab hosil bo‘lgan yirik toshqin ortidan qayta suvga to‘lgan edi.
Omborlarning texnik tavsifi
Mammetko‘l suv ombori 1964-yilda foydalanishga topshirilgan, umumiy sig‘imi 20,5 mln m³, foydali sig‘imi 17,9 mln m³. Delili suv ombori esa 1970-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, umumiy va foydali sig‘imi 5,32 mln m³ni tashkil qiladi.
Yog‘ingarchilik keskin kamaygan
Etrek meteorologiya stansiyasining 2025-yil yanvar–noyabr oylari bo‘yicha ma’lumotlariga ko‘ra, yog‘ingarchilik faqat fevral va mart oylarida me’yorga yaqin bo‘lgan. Qolgan oylarda yog‘in keskin kam — yanvarda 1,6 mm, mayda esa atigi 1,4 mm yog‘in qayd etilgan. Iyun–avgust oylarida umuman yomg‘ir yog‘magan, kuz ham quruq kechgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Tailanddagi suv toshqinlari oqibatida qariyb yarim million odam zarar ko‘rgani haqida yozgan edi.

