Vengriya bosh vaziri Peter Madyar sobiq hukumat rahbari Viktor Orbanni maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat masalasida javobgarlikka tortishga chaqirdi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Madyarning aytishicha, Viktor Orban huquq-tartibot organlari va maxsus xizmatlar ustidan bevosita nazorat o‘rnatgan. Shu sababli u ayrim reydlar o‘tkazilishi yoki tergovlar cho‘zilishi bo‘yicha qaror qabul qila olgan.
Bosh vazirning bayonoti Vengriya matbuotida e’lon qilingan xabarlar ortidan yangradi. Telex nashri manbalarga tayanib, 5-mart kuni ukrainalik bankka tegishli “oltin karvon”ga qarshi reyd o‘tkazish qarorini aynan Orban berganini yozdi.
Gap Ukrainadagi “Oshchadbank”ka tegishli ikki avtomobil haqida bormoqda. Ular 5-mart kuni Vengriyada to‘xtatilgan. Mashinalarda $40 mln, 35 mln yevro va 9 kg oltin bo‘lgan. Vengriya tomoni ushbu holat yuzasidan pul yuvish gumoni bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Rasmiy talqinga ko‘ra, pul va qimmatbaho metalllarni tashish sobiq SBU generali hamda harbiy tajribaga ega boshqa shaxslar ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.
Telex ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya ortida huquqiy zaruratdan ko‘ra siyosiy hisob-kitoblar bo‘lgan. Nashr manbalari reyd ishtirokchilari yuqoridan berilgan ko‘rsatmani bajarganini aytganini yozmoqda.
Bloomberg ham Madyarning bayonoti Orban mart oyida ukrain banki kolonnasiga reyd o‘tkazish bo‘yicha buyruq bergani haqidagi xabarlar fonida yangraganini qayd etdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 6-may kuni Vengriya Budapeshtda ushlab qolingan pul va qimmatliklarni “Oshchadbank”ka qaytarganini bildirgan edi.
Qaynoq24.uz Vengriya Xalqaro jinoyat sudidan chiqish qarorini bekor qilishi haqida yozgan edi.


