Kobuldagi vaqtinchalik ma’muriyat Pokiston kuchlari sharqiy Afg‘onistonga havo zarbalari berganini va bu holatda kamida 10 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.
Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, zarba kecha Khost viloyatining Gorbuz tumanida tinch aholining uyiga yo‘naltirilgan. Afg‘on Toliboni matbuot kotibi Zabihullo Mujohidning aytishicha, halok bo‘lganlar orasida to‘qqiz nafar bola bor. Ularning beshtasi o‘g‘il, to‘rt nafari qiz. Bundan tashqari, bir ayol ham halok bo‘lgan.
Manbaga ko‘ra, Pokiston kechasi yana Kunar va Paktika viloyatlarida ham havo hujumlari amalga oshirgan. Bu ikki hududda kamida to‘rt kishi yaralangan.
Pokiston rasmiylari Kobulning bu da’vosiga hali izoh bermagan.
Mazkur vaziyat ikki qo‘shni davlat o‘rtasida so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan noaniq tinchlik davrida yuz berdi. Tomonlar o‘rtasida vositachilik jarayonlari davom etayotgan bir paytda ushbu hujumlar keskinlikni yana kuchaytirishi mumkin ekani aytilmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Afg‘oniston ko‘mir eksporti Pokistondan O‘zbekistonga yo‘naltirishi haqida yozgan edi.

