O‘zbekistonda yangi O‘zbek–Fransuz universiteti tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, mamlakatda yangi O‘zbek–Fransuz universiteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Universitet o‘z ishini O‘zbekiston qonunchiligi talablariga hamda Fransiya universitetlari konsorsiumi tavsiyalariga asoslanib olib boradi. Dastlab universitetda magistrlar tayyorlash yo‘nalishi ochiladi, keyinchalik bosqichma-bosqich bakalavriat va doktorantura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, abituriyentlar uchun kirishdan oldingi tayyorlov kursi ham joriy etiladi.
Ta’lim jarayoni davlatning maqsadli grantlari va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Bitiruvchilarga universitet diplomi yoki Fransiya Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari bo‘yicha konsorsiumga kiruvchi Fransiya universitetlaridan birining diplomi beriladi. Ushbu diplomlar O‘zbekiston hududida to‘liq tan olinadi.
Avvalroq Qaynoq24.uz uyma-uy dars beradigan o‘qituvchilarga yo‘lkira puli berilishi haqida yozgan edi.

