2025 yil 25 noyabr kuni Pokiston Harbiy-dengiz Kuchlari o‘zida ishlab chiqilgan kemadan uchiriladigan “SMASH” (P-282) anti-kema ballistik raketasining navbatdagi sinov parvozini amalga oshirdi. Naval Newsning ma’lum qilishicha, raketa dengiz va quruqlikdagi nishonlarni urishga mo‘ljallangan. U yuqori aniqlikni ta’minlovchi zamonaviy boshqaruv tizimi bilan jihozlangan.
Uning yakuniy uchish bosqichida manyovr qilish imkoniyati mavjud. Raketaga oid texnik ma’lumotlar oshkor etilmagan, biroq Pokiston manbalari taxminiy masofani 350 km atrofida deb baholamoqda. Tizim hali rivojlantirish bosqichida bo‘lib, eksport uchun emas, faqat milliy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan.
Bu sinov 2024 yil noyabr oyida o‘tkazilgan dastlabki ommaviy namoyishdan keyingi navbatdagi parvozdir. Mintaqaviy xabarlarda raketa umumiy hisobda ikki yoki uch marta sinovdan o‘tkazilgani aytilgan bo‘lsa-da, rasmiy ma’lumotlar cheklangan. Hozirgacha ma’lum bo‘lgan barcha uchirishlar Type 22P fregatidan amalga oshirilgan.
Pokistonning Quwa mudofaa tahlil portali ta’kidlashicha, SMASH raketasining ishlab chiqilishi Harbiy-dengiz kuchlarining mahalliy raketa tizimlarini kengaytirishga qaratilgan modernizatsiya dasturining bir qismidir. Ilk taxminlarda SMASH CM-302 yoki BrahMos singari yuqori tezlikdagi qanotli raketalarga o‘xshatilgan edi, ammo keyingi tasdiqlangan ma’lumotlar bu raketaning aynan ballistik anti-kema raketasi ekanini ko‘rsatgan.
Raketaning tashqi ko‘rinishi va ayrim texnik belgilariga qaraganda, u GIDS Fatah-II ballistik raketasi bilan umumiy injiniring yechimlariga ega bo‘lishi mumkin. SMASH loyihasining paydo bo‘lishi Pokistonning an’anaviy zarba berish imkoniyatlarini oshirish maqsadida yo‘naltirilgan boshqariladigan ballistik raketalarga bo‘lgan strategik e’tiboriga ham mos tushadi.
Qaynoq24.uz nashri Afg‘onistonda Pokiston zarbalaridan 10 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

