Android Authority nashriga ko‘ra, Samsung Galaxy S26 Ultra modeli nihoyat 60Vt quvvatlanishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. One UI 8.5 tizim fayllarida “Super Fast Charging 3.0” degan yozuvlar topilgan. Mutaxassislar bu texnologiya aynan 60Vt quvvatga teng bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Samsung ilk marta tezkor quvvatlanishni 2015-yilda Galaxy S6 seriyasida joriy qilgan edi. O‘sha paytda quvvat atigi 15Vt bo‘lgan. 2020-yilda Galaxy S20 Ultra modeli 45Vt quvvatlanish bilan taqdim etilgan, biroq keyingi yili kompaniya uni 25Vt ga tushirgan.

2022-yilda Galaxy S22 Ultra orqali yana 45Vt quvvatlanish qaytgan edi. Endi esa Samsung 2026 boshida taqdim etilishi kutilayotgan Galaxy S26 Ultra orqali 60Vt darajasiga o‘tishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Xitoy smartfonlari 80Vt–240Vt gacha tezkor quvvatlanish taklif etadi, biroq ular asosan yopiq ekotizimga ega bo‘lgan maxsus protokollardan foydalanadi. Samsung, Apple va Google esa faqat USB Power Delivery (PD) standartini qo‘llaydi, bu esa mos zaryadlovchi qurilmalarni topishni osonlashtiradi.
Qaynoq24.uz Galaxy S26 Ultra qora rangda yangi dizayn bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

