Ukrainadagi tarixiy Sadigura sinagogasi yong‘inda zarar ko‘rdi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar bermoqda.
Ukrainaning Chernivtsi shahridagi mashhur Sadigura sinogogasi payshanba oqshomida noma’lum shaxs tomonidan yoqib yuborilgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi ruhiy holati beqaror bo‘lgan erkak bo‘lib, u qo‘riqchi qisqa vaqt darvozadan uzoqlashgan paytda bino ichiga kirgan. Politsiya voqea joyiga yetib kelib, uni qo‘lga olgan.
Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, shu odam bundan bir oy avval mahalliy cherkovni ham yoqib yuborishga uringan. Jamoa vakillari bu holatni yahudiylarga qarshi qaratilgan xuruj sifatida emas, balki ruhiy nosog‘lom shaxsning xatti-harakati deb baholamoqda.
Yong‘inda binoning ichki qismi jiddiy zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, hech kim jarohat olmagan. Mutaxassislar yaqin kunlarda binodagi talafot darajasini to‘liq baholaydi.
Sovet davrida sinagoga musodara qilinib, sanoat obyektiga aylantirilgan va yillar davomida tashlab qo‘yilgan. 2010-yillarda xalqaro donorlar yordami bilan to‘liq restavratsiya qilinib, 2016–2017 yillarda qayta ochilgan edi.
Oxirgi yillarda Isroil, Yevropa va Amerika Qo‘shma Shtatlaridan minglab ziyoratchilar Sadigura sinagogasiga tashrif buyurib kelmoqda. Yong‘in butun Hasid jamoatchiligi uchun og‘riqli zarba bo‘lgani aytilmoqda.
Ukraina polisi ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Jamoa yetakchilari tergov adolatli va tezkor o‘tishiga umid qilishmoqda.

