Honor Magic5 smartfonlari MagicOS 10 yangilanishini oldi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda. Honor Magic5 seriyasi uchun chiqarilgan MagicOS 10 (10.0.0.116) yangilanishi 1 GB atrofida bo‘lib, foydalanuvchilarga bosqichma-bosqich yetkazilmoqda.
Yangilanish qurilmalarga yangicha ko‘rinish beradi. Dastlab ko‘zga tashlanadigan o‘zgarishlardan biri — shaffof ilova ikonkalari. Ularni sozlamalar orqali faollashtirish mumkin. Bildirishnoma va boshqaruv markazlari ham real vaqt rejimidagi xiralashtirish effektlari bilan yangilandi.
Yangilanishning eng e’tiborli yangiligi — iPhone bilan bildirishnomalarni sinxronlashtirish imkoniyati. Buning uchun iPhone’da Honor Connect ilovasi o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Magic5 foydalanuvchilari sozlamalardagi Smart Connect bo‘limi orqali QR-kod skanerlash yo‘li bilan qurilmalarni juftlay oladi.

Shuningdek, tizimda bir qator qo‘shimcha qulayliklar paydo bo‘ldi:
- ko‘proq ilovalarda landshaft rejimidagi suzuvchi oynalar qo‘llab-quvvatlanadi;
- qurilma o‘chirilgan ekranda Volume Down tugmasini ikki marta bosish orqali telefonni jiringlatish yoki o‘chirib qo‘yish mumkin;
- saqlangan Wi-Fi parollarini ko‘rish va tarmoqlardan uzilish funksiyasi qo‘shildi;
- Honor Share’da Live Photos uchun yangi animatsion belgi joriy etildi.
Honor shuningdek, tizimdagi ba’zi barqarorlik muammolari, ilovalar tasodifiy yopilishi va breath-to-wake funksiyasidagi kamchiliklar bartaraf etilganini ma’lum qildi.
Magic5 seriyasi Honor’ning hali ham Huawei ekotizimi xizmatlaridan foydalanib kelayotgan so‘nggi flagman qatori bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchi unga mazmunli yangiliklar taqdim etmoqda. Yaqin haftalarda qo‘shimcha imkoniyatlar, xususan, yangi quvvatlash funksiyalari va yanada barqaror kadr stabilizatsiyasi bo‘yicha yangilanishlar ham kutilyapti.
Qaynoq24.uz Honor Magic 8 Pro global savdosi boshlangani haqida yozgan edi.

