Honor GT 2 seriyasi 100 Vt tezkor quvvatlash bilan 3C sertifikatidan o‘tdi. Bu haqda GizmoChina nashri xabar bermoqda. Honor dekabr oyida taqdim etilishi kutilayotgan GT 2 seriyasi uchun ikki modelni 3C sertifikatidan o‘tkazdi.
Sertifikatda AAK-AN00 va AAP-AN00 raqamli modellari qayd etilgan. Hujjatlarda har ikki qurilma 100 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi ko‘rsatilgan. Bu esa yangi seriyadagi quvvatlanish tezligi avvalgi modellaridan ancha yuqori bo‘lishini anglatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, GT 2 seriyasi taxminan 9000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi. Standart versiya Snapdragon 8 Elite platformasi, Pro modeli esa Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipseti bilan jihozlanishi kutilmoqda.
Seriyada 6,83 dyuymli tekis 1,5K displey, metall korpus, 50 Mp yirik sensorli asosiy kamera, 3D ultratovushli barmoq izi skaneri hamda IP68 yoki IP69 himoya standartlari bo‘lishi aytilmoqda.
Shuningdek, Honor 2026 yilning birinchi choragida yana bir nechta model — 10 000 mA/soat batareyali Honor Power 2, Honor Magic 8 RSR va Magic 8 Mini qurilmalarini ham taqdim etishi mumkin.
Qaynoq24.uz Honor 10 000 mA/soat akkumulyatorli smartfonini tayyorlayotgani haqida yozgan edi.

