Kasbiy ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish mezonlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Mazkur hujjat bilan kasbiy ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda foydalaniladigan 163 ta indikator belgilandi. Indikatorlar 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 31 ta mezon doirasida tuzilgan.
Shunga ko‘ra, 8 ta indikator majburiy bo‘lib, ular tarkibiy tuzilmani tashkil etish rejasi, o‘quv xonalari bilan talabalar kontingentiga mos ta’minlanish kabi asosiy talablarni qamrab oladi. Qolgan 155 ta indikator umumiy bo‘lib, fan mazmuniga mos adabiyotlardan foydalanish, talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish, sport zali va sport maydonchalari mavjudligi kabi mezonlarni baholaydi. Har bir indikator “muvofiq” yoki “muvofiq emas” tarzida baholanadi.
Baholash natijalari quyidagicha aniqlanadi: agar indikatorlarning 50 foizigacha “muvofiq” deb topilsa, mezon “muvofiq emas” hisoblanadi. Agar 50–60 foizi “muvofiq” bo‘lsa, mezon “qisman muvofiq” deb baholanadi. Agar 60 foiz va undan ortiq indikatorlar “muvofiq” deb topilsa, mezon “muvofiq” deb hisoblanadi.
Shuningdek, majburiy indikator “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijaga qaramay, mezon har doim “muvofiq emas” deb hisoblanadi.
Qaynoq24.uz qurilish chiqindilarini qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimi joriy etilishi haqida yozgan edi.

