Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Toshkent shahri va viloyatlarda o‘tkazilgan bir nechta tezkor tadbirlarda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi aniqlangan. Yakkasaroy tumanida dorixona sotuvchisi S.A. “M.F.” MCHJga qarashli dorixonada fuqaro M.K.ga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 10 ta “Omnadren 250” dori vositasini 7 million so‘mga shifokor retseptisiz sotayotganda qo‘lga olingan.
Shuningdek, Bektеmir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan X.U.ning “Sohil” MFYdagi xonadonidan 65 dona “Zardeks” dori vositasi daliliy ashyolar sifatida olingan.
Buxoro viloyati, Peshku tumanida esa “S.B.” MCHJ rahbari, ilgari sudlangan B.F. MCHJ dorixonasida fuqaro A.Sh.ga 2 ta “Gabatan” dori vositasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Dorixonadan qo‘shimcha ravishda psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan 6 dona “Tsikladol Grindex” dori vositasi ham topib olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Toshkentda 17 kg sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatishga uringan jinoiy guruh fosh etilgani haqida yozgan edi.

