Bolgariya hukumati ommaviy norozilik namoyishlari ortidan iste’foga chiqdi. Bu haqda Bolgariya bosh vaziri Rosen Jelyazkov parlamentdagi ishonchsizlik ovoz berishidan oldin bergan bayonotida ma’lum qildi. Uning aytishicha, hukumat atigi bir yilga yetmas muddat faoliyat yuritganiga qaramay, korrupsiyaga qarshi keskin noroziliklar tufayli iste’fo berishga majbur bo‘lgan.
Mamlakat bo‘ylab o‘tgan kunlarda o‘n minglab fuqarolar hukumatni korrupsiyani jilovlamayotganlikda ayblab, ommaviy norozilik namoyishlariga chiqdi. Eng ommaviy namoyish 10-dekabr kuni Sofiyada parlament binosi oldida o‘tdi. Norozilar “Iste’fo!” deya hayqirdi, siyosatchilar tasvirlangan tanqidiy plakatlarni ko‘tarib chiqdi.
Namoyishlar 2026-yil uchun ishlab chiqilgan davlat byudjeti loyihasi e’lon qilingach kuchaygan. Fuqarolar hujjatni korrupsiyani yashirishga qaratilgan deb baholagan. Hukumat loyihani qaytarib olgan bo‘lsa-da, jamoatchilik noroziligi kamaymadi.
Bolgariya Yevropa Ittifoqining eng kam daromadli davlati hisoblanadi. Mamlakat 1-yanvardan rasmiy ravishda yevrozona tarkibiga kirishi kutilmoqda. Mutaxassislar iste’fo ushbu jarayonga ta’sir qilmasligini, biroq aholida narxlar va inflyatsiya borasidagi xavotirlar ortayotganini ta’kidlamoqda.
Qaynoq24.uz Pashinyan samolyoti Moskva aeroportiga qo‘na olmagani haqida yozgan edi.

