Tadbirkorlarga ajratiladigan subsidiyalarni tizimli monitoring qilish tartibi belgilandi

Foto: Pexels
Jonibek Juraqulov
1 Daqiqa o‘qish

Tadbirkorlarga ajratiladigan subsidiyalarni tizimli monitoring qilish tartibi belgilandi. Bu haqda Hukumatning 2025-yil 11-dekabrdagi 784-son qarorida belgilandi.

Qaror bilan “Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish, ularning samaradorligini baholash hamda asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etishda, ularni ajratuvchi tashkilot tomonidan tadbirkor erishishi lozim bo‘lgan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar oldindan belgilanadi.

Tadbirkorlarga ajratilgan subsidiyalar “subsidiya.mf.uz” yagona elektron platformasi orqali doimiy ravishda monitoring qilinadi.

Subsidiyalar samaradorligini baholash jarayonida bir nechta manbalardan ketma-ketlik asosida foydalaniladi. Jumladan, tadbirkorning moliyaviy va soliq hisobotlari, sohaviy yoki statistika idoralari ma’lumotlari hamda qo‘llab-quvvatlash choralari natijalari bo‘yicha tadbirkor tomonidan taqdim etilgan axborotlar inobatga olinadi.

Samaradorlik har bir tadbirkor bo‘yicha alohida tartibda iqtisodiy, moliyaviy (byudjet) va ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi.

Qarorga muvofiq, tadbirkorga ajratilgan subsidiyalar ayrim hollarda qaytarib olinadi. Xususan, subsidiya shartnomasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilmasa, mablag‘lardan maqsadsiz yoki samarasiz foydalanilgani aniqlansa, shuningdek, hujjatlar va ma’lumotlar noto‘g‘ri taqdim etilgan yoki subsidiyalar asossiz olingani ma’lum bo‘lsa, mablag‘lar qaytarilishi belgilandi.

Mazkur tartib tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda shaffoflikni oshirish hamda davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

Qaynoq24.uz O‘zbekistonda metan uchun cheklangan ish vaqti joriy etilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.