Davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash grafigini to‘ldirish tartibini belgilovchi yo‘riqnoma Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat 2025-yil 12-dekabr kuni 3724-son bilan ro‘yxatga olingan.
Yo‘riqnomaga muvofiq, bojxona to‘lovlarini to‘lash grafigi deklaratsiya qiluvchi shaxs tomonidan bojxona organiga taqdim etiladi. Bu, tovarlar vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilganda va bojxona to‘lovlarini har oyda yoki yilning har choragida to‘lash rejalashtirilgan hollarda amalga oshiriladi. Shuningdek, bojxona to‘lovlaridan shartli ozod etish bo‘yicha berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati tugashi munosabati bilan vaqtincha olib kirishning keyingi davrida davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash zarur bo‘lganda ham ushbu grafik taqdim etilishi lozim.
Agar bojxona yuk deklaratsiyasi qog‘oz shaklda topshirilsa, davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash grafigi ham qog‘oz ko‘rinishda rasmiylashtiriladi. Grafik A4 formatdagi varaqlarda to‘rt nusxada tayyorlanadi. Ularning biri bojxona posti uchun, biri deklaratsiya qiluvchi shaxsga, qolgan ikki nusxasi esa deklarantga topshiriladi.
Mazkur tartibga ko‘ra, grafikka kiritilgan barcha nusxalar deklaratsiya qiluvchi shaxs hamda bojxona organining mansabdor xodimi tomonidan tasdiqlanishi shart.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etilishi haqida yozgan edi.

