Honor kompaniyasi uzoq ishlash muddatiga ega smartfonlar segmentida yangi bosqichga chiqmoqchi. Brend yaqin kelajakda Honor Power 2 modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Qurilma rekord darajadagi 10 800 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanishi kutilmoqda.
Insayder Digital Chat Station ma’lumotlariga ko‘ra, Honor Power 2 2026-yil boshida taqdim etiladi. Smartfon MediaTek Dimensity 8500 protsessori asosida ishlaydi. Qurilma orqa panelida 50 megapikselli asosiy kamera, old qismida esa 16 megapikselli selfi kameraga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Honor Power 2 Midnight Black, Sunrise Orange va Snow White ranglarida sotuvga chiqarilishi aytilmoqda. Insayderning ta’kidlashicha, smartfon ichki ishlab chiqish jarayonida “Saber” kod nomi bilan yuritilgan va bozorga chiqqach, avtonom ishlash bo‘yicha bir nechta rekordlarni yangilashi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma tekis dizayndagi 6,79 dyuymli LTPS OLED displey bilan ta’minlanadi. Ekran 1,5K aniqlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Batareya 80 Vt tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan jihozlanadi.

Honor Power 2 zamonaviy Si-C (silicon-carbon) batareya texnologiyasidan foydalangan holda ishlab chiqilmoqda. Ushbu texnologiya smartfon o‘lchamlarini keskin kattalashtirmasdan, yuqori energiya sig‘imini ta’minlash imkonini beradi. Shu sababli, qurilma bozordagi eng yupqa model bo‘lmasligi mumkin, biroq uning qalinligi zamonaviy smartfonlar uchun maqbul darajada qolishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, 10 000 mA/soatdan ortiq batareyaga ega smartfonlar avvalroq asosan mustahkam, ekstremal sharoitlar uchun mo‘ljallangan qurilmalarda uchrardi. Honor Power 2 esa bunday sig‘imni ommaviy segmentga olib kirayotgan ilk modellardan biri bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Honor kompaniyasi kelajakda Honor Win nomli yangi smartfonlar seriyasini ham ishga tushirishi kutilmoqda. Ushbu turkumdagi ayrim modellarda ham 10 000 mA/soatdan ortiq batareya qo‘llanilishi mumkin.
Qaynoq24.uz Honor 10 000 mA/soat akkumulyatorli smartfonini tayyorlayotgani haqida yozgan edi.

