Amerika Qo‘shma Shtatlari Senati milliarder Jared Aysakmanni Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasi — NASA rahbari lavozimiga tasdiqladi. Bu haqda AQSh Senati qaroriga asoslanib RIA Novosti xabar berdi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Aysakman nomzodini 67 nafar senator qo‘llab-quvvatladi, 30 nafar senator esa qarshi ovoz berdi.
Jared Aysakman ushbu lavozimga AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan tavsiya etilgan. U yaqin kunlarda qasamyod keltirib, hozircha vazifani bajarib kelgan Shon Daffi o‘rnini egallaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jared Aysakman aeronavtika yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasiga ega. U 2011-yilda AQSh Qurolli kuchlari uchuvchilarini tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi Draken International kompaniyasiga asos solgan. Keyinchalik kompaniyaning nazorat paketi Blackstone investitsiya fondiga sotilgan.
Aysakman, shuningdek, SpaceX kompaniyasining Crew Dragon kemasida amalga oshirilgan Inspiration4 nomli ilk xususiy boshqariladigan kosmik parvoz komandiri bo‘lgan. U tarixda ochiq kosmosga chiqqan birinchi professional bo‘lmagan astronavt sifatida qayd etilgan.
Qaynoq24.uz Pokiston “SMASH” kemadan uchiriladigan ballistik raketasining yangi sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazgani haqida yozgan edi.

