Xiaomi kompaniyasi Leica bilan hamkorligini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Endi tomonlar faqat qo‘shma tadqiqotlar bilan cheklanmaydi, balki kamerali smartfonlarni birgalikda noldan yaratadi. Ushbu strategiyaning ilk natijasi — Xiaomi 17 Ultra smartfoni bo‘ldi.
Xiaomi va Leica o‘rtasidagi yangi model “strategik birgalikda yaratish” tamoyiliga asoslanadi. Bu Leica faqat brend yoki sozlamalar bilan emas, balki optika dizayni va apparat qismiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini anglatadi. Natijada smartfon kamerasi Leica’ning professional estetika va texnik falsafasini to‘liq aks ettiradi.
Xiaomi 17 Ultra’ning asosiy e’tibori kamera imkoniyatlariga qaratilgan. Qurilmada yangi avlod bir dyuymli asosiy sensor qo‘llaniladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, sensor mobil qurilmalar uchun maxsus moslashtirilgan bo‘lib, kam yorug‘lik sharoitida yanada tiniq va “toza” suratlar olish imkonini beradi. Bu tunda suratga olishda shovqin kamayishi va fon xiralashuvining tabiiyroq ko‘rinishini ta’minlaydi.

Smartfonning eng muhim yangiliklaridan biri — Leica APO sertifikatiga ega telefoto obyektiv bo‘ldi. Professional fotografiyada APO texnologiyasi rang buzilishlarini bartaraf etishi bilan qadrlanadi. Bu mobil qurilmada birinchi bor to‘liq APO sertifikatlangan zum obyektiv qo‘llanilayotgani aytilmoqda. Natijada masofadan olingan suratlar yanada aniq va rang jihatdan ishonchli chiqishi kutilmoqda.
Xiaomi rahbari Lu Veybinning ta’kidlashicha, 17 Ultra kompaniyaning yangi strategiyasini ham ifodalaydi. Endi barcha flagman qurilmalar bir kalendar yilida taqdim etiladi. Bu esa “Ultra” modellari avvalgidek kechikib chiqmasligini anglatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi 17 Ultra Xitoyda dekabr oxirida taqdim etiladi. Global bozorga chiqishi esa MWC 2026 doirasida, mart oyining boshlariga rejalashtirilgan. Qurilma allaqachon xalqaro sertifikatsiyadan o‘tgani uning jahon bozoriga chiqishi aniq ekanini ko‘rsatadi.
Texnologiya ixlosmandlari fikricha, Xiaomi 17 Ultra mobil fotografiya bilan professional kameralar o‘rtasidagi chegarani yanada qisqartirishi mumkin. Bu esa an’anaviy kameralar bozori uchun jiddiy chaqiriq sifatida baholanmoqda.
Qaynoq24.uz Xiaomi smartfonlarining asosiy kamchiligi haqida yozgan edi.

