AQSH hukumati Diversity Visa, ya’ni Green Card lotereya dasturini vaqtincha to‘xtatish qarorini qabul qildi. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, bunga Braun universitetida sodir etilgan otishma bilan bog‘liq holat sabab bo‘lgan. Mazkur jinoyatda gumon qilinayotgan shaxs aynan ushbu dastur orqali AQSHga kelgani aniqlangan.
Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida prezident Donald Tramp topshirig‘iga asosan AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati Green Card dasturini darhol to‘xtatishi haqida ko‘rsatma berilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror amerikaliklar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Braun universitetidagi otishmada gumon qilinayotgan Klaudio Nevis Valenti 2017-yilda aynan Diversity Visa dasturi orqali AQSHga kirib kelgan.
Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti joriy yil 16-sentabridan boshlab Green Card lotereyasida ishtirok etish uchun bir dollar miqdorida ro‘yxatdan o‘tish to‘lovini joriy qilgan. Avvaliga dastur bilan bog‘liq xarajatlar faqat tanlangan nomzodlardan olinadigan 330 dollarlik viza to‘lovi hisobiga qoplanib kelinar edi. Endilikda esa xarajatlarning bir qismi barcha ishtirokchilardan ro‘yxatdan o‘tish bosqichida undiriladi.
Qaynoq24.uz AQShda xususiy samolyot halokatga uchragani haqida yozgan edi.

