Rossiyada Tojikiston fuqarosi bo‘lgan bolalarning etnik nafrat asosida o‘ldirilishi yana jamoatchilik e’tiborini tortdi. Moskva viloyatida 10 yoshli Qobiljon Aliyevning maktabda vahshiylarcha o‘ldirilishi bu kabi fojialar yagona holat emasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 22 yil ichida Rossiyada kamida olti nafar tojik bolasi etnik adovat tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Azia Plus xabar berdi.
2025-yil 16-dekabr kuni Moskva viloyatining Odintsovo tumanidagi Uspenskaya maktabida sodir bo‘lgan voqea keng rezonans keltirib chiqardi. 10 yoshli Qobiljon Aliyev maktabdosh bo‘lgan 15 yoshli o‘smir tomonidan pichoq bilan o‘ldirildi. Rossiya Tergov qo‘mitasi gumonlanuvchi Rossiya fuqarosi ekanini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hujumchi hujumdan oldin o‘quvchilardan ularning millatini so‘ragani aks etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u maktab qo‘riqchisiga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz sepib, so‘ng o‘quvchilarga hujum qilgan. Qobiljon voqea joyida halok bo‘lgan.

Fojia ortidan Tojikiston hukumati keskin munosabat bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Dushanbedagi elchisiga norozilik notasini topshirdi va holat yuzasidan tezkor, xolis hamda shaffof tergov o‘tkazishni talab qildi. Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda ham Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokoltsev bilan telefon orqali muloqot qilib, voqea sabablarini chuqur o‘rganish zarurligini ta’kidladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirgan holda, tergov jarayoni adolatli olib borilishini ma’lum qildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Qobiljonning o‘ldirilishi Rossiyada etnik nafrat asosida sodir etilgan bolalarga qarshi jinoyatlarning davomidir. So‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt ichida bunday fojialar bir necha bor qayd etilgan.

2018-yilda Moskva viloyatida 5 yoshli Xuvaydo Tillozoda zo‘rlanib, so‘ng pichoq bilan o‘ldirilgan edi. 2004-yilda Sankt-Peterburgda 9 yoshli Xursheda Sultonova millatchilar hujumi oqibatida halok bo‘ldi. 2003-yilda esa Nilufar Sangboeva Rossiyada etnik nafrat tufayli o‘ldirilgan birinchi tojik bolasi sifatida tarixda qayd etilgan.
Shuningdek, 2015-yilda besh oylik Umarali Nazarov migratsiya reydi vaqtida onasidan ajratilganidan so‘ng shifoxonada noma’lum sharoitda vafot etgan. Ushbu holat ham to‘liq tergov qilinmagan.
2022-yilda Yekaterinburgda 5 yoshli Daler Bobiev vasiylari tomonidan qiynoqqa solinib o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Sud jarayonlari ushbu jinoyatlarning naqadar shafqatsiz bo‘lganini ko‘rsatdi.
Migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassis Shuhrat Latifiyning fikricha, bu kabi jinoyatlar Rossiyada migrantlarga nisbatan dushmanona muhit, ksenofobiya va jazolanishsiz qolayotgan radikal qarashlar natijasidir. Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida migrantlarga qarshi nafratni kuchaytiruvchi ritorika yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

