Samsung kompaniyasining yuqori texnologiyalar va nisbatan hamyonbop narx o‘rtasidagi muvozanatni ifodalashi kerak bo‘lgan yangi Samsung Galaxy S25 FE modeli kutilmagan muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi. Mashhur DxOMark laboratoriyasi mutaxassislari smartfon kameralarini sinovdan o‘tkazib, unga past baho berishdi. Qurilma umumiy hisobda bor-yo‘g‘i 118 ball to‘pladi, bu esa zamonaviy flagmanlar segmenti uchun o‘ta zaif ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Galaxy S25 FE o‘zidan oldingi avlod vakili — S24 FE modelidan sezilarli darajada ortda qolmoqda. O‘tgan yilgi model o‘z vaqtida 133 ball bilan yuqori natija qayd etgan edi. Garchi DxOMark sinov metodikasi yaqinda yangilangan bo‘lsa-da, yangi modelning natijalari hatto ushbu o‘zgarishlarni hisobga olganda ham qoniqarsiz deb topildi. Taqqoslash uchun, yangi metodika bo‘yicha Galaxy S25 Edge modeli 140 ball to‘plagan bir paytda, S25 FE bor-yo‘g‘i 114 ball olgan o‘rta darajadagi Galaxy A56 bilan deyarli bir qatorga tushib qoldi.

Sinov jarayonida kamerasining bir qator jiddiy kamchiliklari yuzaga chiqdi. Mutaxassislar tasvirlardagi ekspozitsiya va oq rang balansining noto‘g‘ri ishlashi, shuningdek, detallarning yetishmasligi hamda raqamli shovqinlarning ko‘pligini alohida qayd etishgan. Bu kabi muammolar odatda budjet modellarga xos bo‘lib, «flagman» maqomiga da’vogarlik qiluvchi FE seriyasi uchun kutilmagan holdir.
Ushbu natija Samsung ixlosmandlari va tahlilchilar orasida katta bahslarga sabab bo‘lmoqda. Chunki narxi jihatidan flagmanlarga yaqin turuvchi qurilmaning kamera imkoniyatlari bo‘yicha o‘rta segment vakili bo‘lgan A-seriyasidan deyarli farq qilmasligi, iste’molchilarning ushbu modelga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada so‘ndirishi mumkin. Hozircha Samsung kompaniyasi ushbu test natijalari yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi, biroq DxOMark xulosasi Galaxy S25 FE uchun jiddiy obro‘sizlanish bo‘lib xizmat qilishi aniq.
Qaynoq24.uz Samsung kompnaiyasining omadsiz smartfonlari haqida yozgan edi.

