Honor kompaniyasi Honor Win 2 seriyasini uch xil modelda chiqarishi mumkin. Bu haqda Gizchina xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi liniyada flagman, o‘rta va nisbatan arzonroq versiyalar bo‘ladi. Eng kuchli model Snapdragon 8 Elite Gen 6 protsessori bilan jihozlanishi kutilmoqda. U Honor Win 2 Pro yoki Win 2 Pro Max nomi bilan chiqishi mumkin.
Insayder ma’lumotiga ko‘ra, oddiy Honor Win 2 modeli an’anaviy ko‘rinishda umuman bo‘lmasligi ham mumkin. Kompaniya seriyani narx va imkoniyatlarga qarab uch bosqichga ajratishi ehtimoli bor. Flagman model 6,89 dyuymli tekis 2K displeyga ega bo‘lishi aytilmoqda. Ekran yangilanish chastotasi 185 Hz bo‘lishi mumkin. Qurilmada Snapdragon 8 Elite Gen 6 chipi, 10 000 mA/soatdan katta akkumulyator va yangilangan faol sovitish tizimi bo‘lishi kutilmoqda.
Nimalar kutilmoqda
Shuningdek, yuqori modelda kamera imkoniyatlari ham yaxshilanishi mumkin. Aynan shu sababli Honor uni oddiy Win 2 emas, balki Pro yoki Pro Max sifatida taqdim etishi ehtimoli bor. O‘rta model Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan chiqishi mumkin. Bu versiya narx va unumdorlik o‘rtasida muvozanatni saqlashga qaratiladi.

Quyi model esa birinchi avlod Snapdragon 8 Elite chipi bilan sinovdan o‘tkazilayotgani aytilmoqda. U 1,5K aniqlikdagi yuqori chastotali displeyga ega bo‘lishi mumkin. Bu model Honor’ning o‘yin ekotizimiga kirishni xohlaydigan, ammo qimmatroq flagmanni tanlamaydigan foydalanuvchilarga mo‘ljallanadi.
Honor Win liniyasi avvaldan o‘yinlarga yo‘naltirilgan smartfon sifatida tanilgan. U faol sovitish, yuqori unumdorlik va raqobatchilarga nisbatan arzonroq narx bilan ajralib turgan. Agar yangi Win 2 Pro Max haqidagi ma’lumotlar tasdiqlansa, Honor bu modelni Xitoydagi kuchli o‘yin smartfonlari segmentiga olib chiqadi. Qurilma OnePlus 16, iQOO 16 va Redmi K100 seriyalari bilan raqobat qilishi mumkin.
Xitoy bozorida 2026-yil oxiriga borib o‘yin va unumdorlikka yo‘naltirilgan flagmanlar o‘rtasida raqobat kuchayishi kutilmoqda. Raqobatchilar yuqori chastotali ekran, kuchli kamera va katta batareya bilan chiqishi aytilmoqda.
Honor Win 2 Pro Max esa 10 000 mA/soatdan katta batareya va faol sovitish tizimi bilan ajralib turishi mumkin. Bu kombinatsiya uzoq vaqt o‘yin o‘ynash va yuqori yuklama ostida barqaror ishlash uchun muhim hisoblanadi.
Qaynoq24.uz Honor Win Turbo smartfoni taqdimotdan oldin namoyish etilgani haqida yozgan edi.

