Tojikistondan olib kelingan yuz kilogrammdan ortiq narkotik moddalar to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, DXX Chegara qo‘shinlari, Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarma hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan tadbirda 1996 va 1997-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 79 kilogramm 358 gramm opiy moddasini kelgusida sotish maqsadida yashirin joyga joylab qo‘ygan. Ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor harakatlar davom ettirilib, ushbu qonunbuzarlardan birining ko‘rsatmasi asosida muqaddam dala maydoniga yashirilgan 1 kilogramm 953 gramm metamfetamin sintetik narkotik moddasi ham aniqlanib, musodara qilindi.
Yana bir holat Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida qayd etildi. U yerda 1994 va 1997-yillarda tug‘ilgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi hamda Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida istiqomat qiluvchi 1997-yilda tug‘ilgan shaxs davlat chegarasini qonunga xilof ravishda kesib o‘tib, 30 kilogramm 357 gramm opiy moddasini mamlakatimiz hududiga olib o‘tishga uringan vaqtda qo‘lga olindi.
Tekshiruvlar davomida ushbu narkotik moddalar tojikistonlik narkosavdogarga tegishli ekani, gumonlanuvchilar esa ularni ma’lum haq evaziga belgilangan manzilga yetkazib berishlari kerak bo‘lgani aniqlandi. Tezkor tadbirlar natijasida mazkur zaharli moddalarning buyurtmachisi sifatida Denov shahrida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Qonunbuzarlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Navoiy davlat universitetning mansabdor xodimi pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.

