Sirdaryo viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy Sud matbuot kotibi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 58 yoshli ayol Qozog‘istondan O‘zbekiston hududiga kuchli ta’sir qiluvchi modda olib kirishga uringan. U mahsulotlarni biologik faol qo‘shimcha va kofe ichimligi sifatida ko‘rsatgan. Ayol “Malik” chegara bojxona posti orqali mamlakatga kirayotgan vaqtda to‘xtatilgan.
Tezkor tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uni qo‘lga olgan. Tekshiruvda avtomobil salonidan deklaratsiyada ko‘rsatilmagan mahsulotlar topilgan.
Aniqlanishicha, ayol boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasida 2258 dona xorijda ishlab chiqarilgan kofe ichimligi bo‘lgan. Mazkur mahsulotlarning sertifikati bo‘lmagan va ular bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan.
Sud-kimyoviy ekspertizasi mahsulotlar tarkibida sibutramin moddasi borligini aniqlagan.
Sibutramin O‘zbekistonda muomalasi cheklangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Farmatsevtika xulosasiga ko‘ra, bunday moddalar inson salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Sud ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida yetti yil bir oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanildi. Ayolga ikki yil olti oy sinov muddati belgilandi.
Qaynoq24.uz o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik fosh etilgani haqida yozgan edi.


