Xorazm viloyati Xiva shahrida yer sotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda “Xavfsizlik” telegram kanalida ma’lum qilindi.
Xorazm viloyatida Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati xodimi tomonidan qonunbuzarlik sodir etilgani aniqlangan. U Xiva shahri hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonini uy-joy qurish uchun ruxsat olib berishni va’da qilgan. Buning uchun hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali masalani hal qilib berishini aytib, fuqarodan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi uchinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Buvayda tumanida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan shaxs 2006-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirgan. Ular o‘zlari va yana 14 nafar yoshga dehqonchilik qilish uchun davlat tomonidan imtiyozli shartlarda ajratilgan jami 3 gektar yer maydonini tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga 115 million so‘m talab qilib, 9 500 AQSh dollari va 700 ming so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi ikkinchi qismi “a” va “b” bandlari hamda 229-6-moddasi ikkinchi qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Andijonda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.

