Daniya parlamenti mudofaa qo‘mitasi rahbari Rasmus Yarluv AQShning qarzlari fonida Kopengagen amerikalik shtatlarni sotib olishi mumkinligi haqida hazilomuz post qoldirdi. Deputat bu fikrni ijtimoiy tarmoq X’dagi sahifasida bildirdi.
Uning yozishicha, Daniya iqtisodiy o‘sishi sezilarli sur’atda davom etsa, mamlakat AQSh hududlarini xarid qilishni o‘ylab ko‘rishi mumkin. Yarluv hattoki Gavayi aholisi Daniyaga qo‘shilish masalasida o‘zi qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Deputat AQShning katta davlat qarzlari borligini eslatib, shaxsan unga Nyu-Gempshir yoqishini hazil bilan qo‘shimcha qilgan.
Mazkur izohlar AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha bayonotlari ortidan bildirildi. Bungacha Tramp tayinlagan AQShning Grenlandiyadagi maxsus vakili va Luiziana gubernatori Jeff Lendri Vashington orolni “bosib olish” niyatida emasligini aytgandi. U muzokaralar Grenlandiya aholisi manfaatlari asosida olib borilishi kerakligini ta’kidlagan.

