Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashish uchun Pekinga bordi. Bu Putinning yil boshidan buyon ilk xorijiy tashrifi bo‘ldi.
Uchrashuv AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyga tashrifidan bir necha kun o‘tib bo‘lib o‘tdi. Pekindagi uchrashuvda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va energetik hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy hozir Rossiya uchun eng muhim hamkorlardan biriga aylangan. Pekin Rossiya neftining eng yirik xaridori hisoblanadi. G‘arb sanksiyalari fonida Moskva uchun Xitoy bilan savdo aloqalari yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uchrashuv chog‘ida Putin Si Szinpinni “aziz do‘stim” deb atadi. Uning aytishicha, Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar “misli ko‘rilmagan darajada yuqori bosqichga” chiqqan.
Uchrashuvdan maqsad nima

Rossiya prezidenti so‘nggi 25 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 barobardan ko‘proqqa oshganini ham ta’kidladi. U Rossiya Xitoy uchun ishonchli energiya yetkazib beruvchi bo‘lib qolishini bildirdi. Si Szinpin esa Xitoy va Rossiya munosabatlari o‘zaro siyosiy ishonch hamda strategik hamkorlik hisobiga rivojlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi xalqaro vaziyat “murakkab va beqaror” bo‘lib qolmoqda.
Xitoy rahbari Pekin va Moskva BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari sifatida “yanada adolatli va teng global boshqaruv tizimi”ni shakllantirish uchun hamkorlik qilishi kerakligini bildirdi. Uchrashuvda energetika masalalari ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Xususan, Rossiyadan Xitoyga yiliga 50 mlrd kub metrgacha tabiiy gaz yetkazib berishi mumkin bo‘lgan yangi quvur loyihasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Yaxshi qo‘shnichilikdan yaqin ittifoqchigacha

Xitoy davlat OAVlari Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi Yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma yana uzaytirilganini ham xabar qildi. Ushbu strategik hujjat ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik asoslarini belgilaydi. Mazkur shartnoma 2001-yilda Vladimir Putin va Xitoyning o‘sha paytdagi rahbari Szyan Szemin tomonidan imzolangan. U 2022-yil fevralida yana besh yilga uzaytirilgan edi.
Putin uchrashuv davomida Si Szinpinni kelasi yili Rossiyaga taklif qildi. U Pekin va Moskva o‘rtasidagi aloqalar global barqarorlikka xizmat qilayotganini aytdi.
Qaynoq24.uz Germaniya Rossiya va Xitoyni kuzatish uchun kosmik tizim yaratishi haqida yozgan edi.

