Pokiston hukumati Afg‘onistondagi universitetga hujumda ayblanmoqda. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda. Sodir bo‘lgan hujum oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi.
Tolibon hukumati ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlarning 30 nafari universitet talabalari hisoblanadi. Hodisa Kunar universiteti hududida yuz bergan. Pokiston tomoni bu ayblovlarni rad etdi. Pokiston Axborot vazirligi hujumlar haqidagi xabarlarni “soxta” deb atadi.
Tolibon vakillari hujumda minomyot va raketalar qo‘llanganini bildirdi. Ayrim manbalarga ko‘ra, zarbalar samolyot va dronlar orqali berilgan. Universitet o‘qituvchilaridan biri portlashlar kampus hududida kuchli bo‘lganini aytdi. U dars vaqtida dahshatli ovozlarni eshitganini bildirgan.
Asadobod shahridagi jurnalist Matiulloh Shahob voqea vaqtida hujum joyidan taxminan bir kilometr uzoqda bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, soat 14:00 atrofida kuchli bombardimon ovozlari eshitilgan.
Shahob odamlar shahar markazidan qochib ketayotganini ko‘rganini aytdi. Unga ko‘ra, ko‘plab tinch aholi jarohat olib, shifoxonaga yuborilgan. Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi universitet binolari jiddiy zarar ko‘rganini ma’lum qildi.
So‘nggi oylarda Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegaraviy to‘qnashuvlar kuchaygan. Bu to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar halok bo‘lgan yoki jarohat olgan.
Aprel boshida Xitoy vositachiligida Urumchi shahrida muzokaralar o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng nisbatan mo‘rt sulh saqlanib kelayotgan edi. Mazkur voqeadan keyin Tolibon rasmiylari sukutni buzdi. Hukumat vakili Hamdulloh Fitrat hujumni “og‘ir va kechirilmas jinoyat” deb atadi. Pokiston esa avvalroq zarbalar faqat jangari guruhlar yashiringan joylarga qaratilganini bildirgan. Mamlakat rasmiylari Afg‘onistonda faol bo‘lgan Pokiston Toliboni guruhiga qarshi kurash olib borayotganini ta’kidlab keladi.
Qaynoq24.uz Pokiston Kobulga aviazarba bergani haqida yozgan edi.

