AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning urushni to‘xtatish bo‘yicha taklifiga shubha bilan qaradi. Bu haqda xalqaro OAV manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron urushni yakunlash va Hormuz bo‘g‘ozini ochishni taklif qilgan. Biroq Eron yadroviy dastur masalasini keyinroq muhokama qilishni istagan. AQSh tomoni aynan shu yondashuvdan norozi bo‘lgan. AQSh rasmiylari yadroviy dastur eng asosiy masala ekanini ta’kidladi. Shu sabab Tramp Eron taklifini qabul qilishga shoshilmagan. Oq uy vakillari esa muzokaralar matbuot orqali olib borilmasligini bildirdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham AQSh bilan muzokaralar ehtimoli haqida gapirgan. Uning aytishicha, AQSh urushda kutilgan natijalarga erisha olmagan. Mojaro fonida global neft bozori keskin bosim ostida qolmoqda. Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish cheklangani sabab narxlar o‘sishda davom etmoqda. Mutaxassislar fikricha, hozir bozorda eng muhim omil siyosiy bayonotlar emas, balki real yetkazib berish hajmi hisoblanadi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida oltita Eron neft tankeri AQSh blokadasi sabab ortga qaytgan. Avval kuniga 125–140 ta kema o‘tgan bo‘g‘ozdan hozir ancha kam kemalar harakatlanmoqda. Eron taklifi uch bosqichdan iborat bo‘lgani aytilmoqda. Dastlab AQSh harbiy harakatlarni to‘xtatish kafolatini berishi kerak. Keyin Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi rejalashtirilgan. Faqat shundan keyin Eron yadroviy dasturini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.
Hozircha tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgani yo‘q. Mojaro davom etayotgani esa global energiya bozoriga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Qaynoq24.uz NATO Tramp tufayli yillik sammitlarni bekor qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

