AQSh Venesuelaga zarba berdi: voqealar xronologiyasi

Foto: Freepik
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh Venesuelada keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazib, prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga oldi. Voqealar fonida Venesuelada favqulodda holat e’lon qilindi.

Boshlanishi

So‘nggi haftalarda AQSh prezidenti Donald Trump ma’muriyati Maduroga bosimni kuchaytirgan edi. Tramp Maduroga bir hafta oldin taslim bo‘lish taklifini bildirganini aytdi. AQSh tomoniga ko‘ra, harbiy operatsiya ob-havo sabab bir necha kunga kechiktirilgan.

Harbiy zarbalar

Operatsiya davomida Karakas va uning atrofidagi bir nechta strategik obyektlarga zarbalar berildi. Ular orasida La Karlota aviabazasi, La Guayra porti, Higuerote aeroporti va Fuerte Tiuna harbiy majmuasi bor. Karakas osmonida kuchli portlashlar va tutun ustunlari kuzatildi.

Foto: Getty images

Maduroning qo‘lga olinishi

Trampning ma’lum qilishicha, Maduro mustahkam qo‘riqlanadigan, qal’aga o‘xshash joyda qo‘lga olingan. AQSh prezidenti operatsiya davomida o‘z tomonida halok bo‘lganlar yo‘qligini, faqat ayrim harbiylar yengil jarohat olganini bildirdi.

Ayblovlar va AQShga olib ketilishi

AQSh bosh prokurori Pam Bondi Maduro Nyu-Yorkda narkotik savdosi, qurol-yarog‘ va terrorchilik bilan bog‘liq ayblovlar bilan rasman ayblanganini e’lon qildi. U AQSh sudlarida javob berishi aytildi. Trampga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi Nyu-Yorkka olib ketilmoqda.

Venesuelaning javobi

Venesuela hukumati AQSh harakatlarini “o‘ta jiddiy harbiy tajovuz” deb atadi va milliy favqulodda holat joriy etdi. Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabello aholiga tinchlikni saqlash chaqirig‘i bilan chiqdi. Karakasda dorixonalar va supermarketlar oldida navbatlar paydo bo‘ldi.

Xalqaro reaksiya

Kolumbiya chegaraga qo‘shin joylashtirdi. Chili va Kuba AQSh harakatlarini qoraladi. Buyuk Britaniya bosh vaziri mamlakat bu operatsiyada ishtirok etmaganini bildirdi.

Keyingi noaniqliklar

Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng Venesuelani kim boshqarishi masalasi ochiq qolmoqda. Vitse-prezident Delsi Rodriges, ichki ishlar vaziri Diosdado Kabello va mudofaa vaziri Vladimir Padrino ehtimoliy asosiy figuratlar sifatida tilga olinmoqda. Mamlakatda siyosiy va ijtimoiy beqarorlik kuchayishi mumkinligi haqida xavotirlar bildirilmoqda.

Qaynoq24.uz nashri AQSh Venesuela sohillari yaqinida yana bir neft tankerini qo‘lga olgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.