Shri-Lanka hukumati moliya vazirligi tizimiga qilingan kiberhujum yuzasidan tekshiruv boshladi. Rasmiylarga ko‘ra, xakerlar 2,5 mln dollar mablag‘ni o‘g‘irlagan.
Bu pul Avstraliyaga qarz to‘lovi uchun ajratilgan edi. To‘lov 2025-yil sentabrga rejalashtirilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘ yanvar oyida boshqa hisob raqamlariga yo‘naltirib yuborilgan.
Moliya vazirligi kotibi Xarshana Suriyapperuma to‘lov amalga oshirilganini, biroq pul manzilga yetib bormaganini aytdi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, xakerlar elektron pochta orqali yuborilgan to‘lov ko‘rsatmalarini o‘zgartirgan. Voqea to‘lov qabul qilinmagani haqida Avstraliya tomoni shikoyat qilgach aniqlangan.
Hozirda davlat qarzi boshqarmasining to‘rt nafar yuqori lavozimli xodimi lavozimidan chetlashtirilgan. Rasmiylar xorijiy huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda tergov olib bormoqda. Kiberjinoyatchilar Hindistonga mo‘ljallangan yana bir to‘lovni ham o‘zgartirishga uringani aniqlangan.
Hukumat nazorat tizimlari qanday ishlamay qolganini o‘rganmoqda. Mablag‘ni qaytarish imkoniyati ham tekshirilmoqda. Mazkur hodisa mamlakat uchun yana bir zarba bo‘ldi. Shri-Lanka hali ham 2022-yildagi og‘ir iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etmoqda.
Qaynoq24.uz Daniya Rossiya bilan bog‘liq xakerlarni ikki kiberhujumda ayblagani haqida yozgan edi.

