Elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash tartibi belgilandi. Bu haqda Hukumatning 2025-yil 26-dekabrdagi 830-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda qayd etildi. Hujjat elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash va ular bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, elektron hisobvaraq-fakturalar tovarlar va xizmatlar yagona yetkazib berish zanjiri doirasida xavf darajasi bo‘yicha baholanadi. Shuningdek, ular tegishli toifalarga ajratiladi va xavf darajasiga qarab QQSni to‘lash hamda hisobga olishning alohida tartiblari qo‘llanadi.
Hujjatda qayd etilishicha, axborot tizimi orqali aniqlangan yuqori xavf darajasiga ega elektron hisobvaraq-fakturalarning ulushi hisobot davrida QQS to‘lovchilari tomonidan rasmiylashtirilgan jami elektron hisobvaraq-fakturalarning o‘n foizidan oshmasligi kerak.
Hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasi mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. Ular xavf darajasi past va xavf darajasi yuqori bo‘lgan ikki toifaga ajratiladi.
Hisobvaraq-fakturalar axborot tizimida nazarda tutilgan har bir mezon bo‘yicha ballar yig‘indisi asosida avtomatik baholanadi. Umumiy ball natijasiga ko‘ra ularning xavf darajasi aniqlanadi.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasi xavf darajasini inobatga olgan holda elektron hisobvaraq-fakturalarning markazlashtirilgan elektron reestrini yuritadi.
Qaynoq24.uz mahalliy ishlab chiqarilgan tovar sertifikati xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgan edi.

