Samarqand viloyatida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritish holatining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Tadbir davomida “D.D.” xususiy korxonasi savdo do‘koni sotuvchisi R.X. umumiy qiymati 286 mln so‘mlik alkogol mahsulotlarini savdoga qo‘ygani aniqlandi. Ma’lumotga ko‘ra, ushbu mahsulotlarda qalbaki aksiz markalari bo‘lgan. Jami 5 760 dona alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi va 186-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mazkur moddalar qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash va ularni o‘tkazish, shuningdek, alkogol mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish bilan bog‘liq javobgarlikni nazarda tutadi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz ikki hududda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangani haqida yozgan edi.

