O‘zbekistonda soliq tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish uchun “Soliq xizmati fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Bu prezident farmonida belgilangan.
Ko‘krak nishoni soliq sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan va tizim rivojiga hissa qo‘shgan shaxslarni taqdirlash uchun beriladi. Farmonda soliq hisoboti va imtiyozlarini qo‘llash tartibiga oid bir qator o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan.
2027-yil 1-yanvardan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq vakolatli organlar taqdim etgan ma’lumotlar asosida hisoblab chiqariladi. Shu sababli soliq to‘lovchilarning ushbu yo‘nalishda soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi. Jismoniy shaxslarning ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari ham proaktiv tartibda qo‘llanadi.
Bunda imtiyoz qo‘llanishi natijasida ortiqcha summa yuzaga kelsa, u fuqaroning murojaati asosida 10 ish kuni ichida qaytariladi. 2027-yildan boshlab o‘ta yirik soliq to‘lovchilarni aniqlash mezoni ham belgilanadi. Avvalgi yilning 1-iyul holatiga ketma-ket keladigan oxirgi 12 oyda to‘langan soliqlar, yig‘imlar va davlat boji hisobga olinadi.
Shuningdek, soliq bo‘lmagan to‘lovlar hajmi ham inobatga olinadi. Ushbu to‘lovlar miqdori BHMning 500 ming baravaridan ortiq bo‘lgan korxonalar va tijorat banklari o‘ta yirik soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Qaynoq24.uz Qoraqalpog‘iston va Xorazmda chek asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkazilishi haqida yozgan edi.

