Turkiyaning 55 yoshli fuqarosi Necla Ozmen AQSh prezidenti Donald Tramp uning biologik otasi ekanini sud orqali isbotlashga urinmoqda. Bu haqda DHA agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ozmen sentabr oyida Anqara oilaviy sudiga otalikni aniqlash bo‘yicha da’vo arizasi topshirgan. Rasmiy hujjatlarda uning ota-onasi sifatida Sati va Dursun Ozmen ko‘rsatilgan. Biroq ayol o‘zining biologik onasi amerikalik Sofiya ismli ayol bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Ozmenning aytishicha, Sati Ozmen o‘lik farzand tug‘gan, Trampdan homilador bo‘lgan Sofiya esa xuddi shu shifoxonada tug‘ruqdan so‘ng chaqalog‘ini Ozmenlar oilasiga bergan. Shu tariqa u asrab olinganini taxmin qilmoqda.

Anqaralik ayolning so‘zlariga ko‘ra, uni voyaga yetkazgan onasi bir kuni yangiliklarda Trampni ko‘rib, uni ko‘rsatib, “mana sening otang” degan. Ozmen bu gapning qanchalik haqiqat ekanini bilmasligini, ammo buni aniqlashtirishni xohlashini aytgan.
“Men unga muammo tug‘dirishni xohlamayman. Faqat u bilan gaplashishni va agar rozi bo‘lsa, DNK testi o‘tkazib, qarindoshlik bor-yo‘qligini aniqlashni istayman”, — dedi u.
Shuningdek, Ozmen Trampni yaxshi ota deb hisoblashini va u bilan muloqotdan bosh tortmasligiga ishonishini bildirgan.
Qaynoq24.uz Tramp Kubaning qulashiga ishora qilgani haqida yozgan edi.

