G‘azoda halok bo‘lganlar soni 71 ming 391 nafarga yetdi. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. So‘nggi Isroil hujumlari oqibatida yana ikki nafar falastinlik halok bo‘lgan, o‘n kishi jarohat olgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Isroil armiyasi hujumlari natijasida halok bo‘lgan ikki kishining jasadi hamda o‘n nafar yarador G‘azo hududidagi shifoxonalarga yetkazilgan. Shuningdek, vayron bo‘lgan binolar ostidan jasadlarni chiqarish ishlari davom etmoqda.
Vazirlik xabarida aytilishicha, sulh rejimi kuchga kirganidan buyon G‘azoda 424 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, ming bir yuz to‘qson to‘qqiz kishi jarohatlangan. Qutqaruvchilar hozirga qadar vayronalar ostidan olti yuz sakson besh nafar fuqaroning jasadini topishga muvaffaq bo‘lgan.
2023-yil oktyabr oyidan beri davom etayotgan Isroil hujumlari oqibatida G‘azo sektorida halok bo‘lganlar umumiy soni 71 ming 391 nafarga yetgan. Jarohatlanganlar soni esa 171 ming 279 nafarni tashkil etmoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning birinchi bosqichi ma’qullanganini e’lon qilgan edi. Kelishuv Misrda imzolangan va 10-oktyabr kuni Isroil hukumati roziligi bilan kuchga kirgan.
Shunga qaramay, Isroil armiyasi amaldagi sulh bitimiga zid ravishda turli bahonalar bilan falastinliklarga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda.
Qaynoq24.uz G‘azoda halok bo‘lganlar soni 69 mingdan oshgani haqida yozgan edi.

