Honor kompaniyasi Xitoyda Honor Magic 8 Pro Air modelini rasman tilga ola boshladi. Ushbu smartfon Magic 8 va Magic 8 Pro‘dan keyingi yangi qurilma bo‘lib, ixcham o‘lcham va kuchli texnik imkoniyatlarni birlashtirishi bilan ajralib turadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Honor Magic 8 Pro Air juda yupqa va yengil korpusga ega bo‘ladi. Qurilma qalinligi atigi 6,3 millimetrni, og‘irligi esa taxminan 158 grammni tashkil etishi kutilmoqda. Smartfon 6,3 dyuymli tekis OLED displey bilan jihozlanib, 1.5K aniqlikni taqdim etadi. Bu esa kichik o‘lchamli, ammo sifatli ekran izlayotgan foydalanuvchilar uchun qulay variant bo‘lishi mumkin.
Dasturiy ta’minot tomonida qurilma Android 16 asosidagi MagicOS 10 tizimida ishlashi aytilmoqda. Uning yuragi sifatida MediaTek’ning yangi Dimensity 9500k protsessori qo‘llanilishi kutilmoqda. Shuningdek, smartfon 5 500 mA/soat sig‘imli batareya va 90 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Biroq ayrim manbalarga ko‘ra, simsiz quvvatlash funksiyasi ushbu modelda mavjud bo‘lmasligi ehtimoli bor.

Kamera imkoniyatlari hozircha to‘liq ochiqlanmagan. Shunga qaramay, Magic 8 Pro Air telefoto kameraga ega bo‘lishi aytilmoqda. Honor’ning Magic seriyasi odatda yuqori darajadagi foto imkoniyatlari bilan tanilganini hisobga olsak, yangi model ham bu borada foydalanuvchilarni ranjitmasligi kutilmoqda.
Insayderlarga ko‘ra, Honor Magic 8 Pro Air qora, oq, binafsha va to‘q sariq ranglarda taqdim etiladi. Ayrim rang variantlariga qarab qurilmaning vazni va qalinligi biroz farq qilishi ham mumkin.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Honor avvalroq yanada premium hisoblangan Magic 8 RSR modelini Xitoy Yangi yilidan oldin taqdim etishni rejalashtirmoqda. Shu bois, Honor Magic 8 Pro Air ham aynan shu taqdimot doirasida namoyish etilishi ehtimoli yuqori.
Qaynoq24.uz Honor Power 2 smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.

