Honor kompaniyasining yangi Honor Power 2 smartfoni 9-yanvar kunidan boshlab ilk bor savdoga chiqarildi. Qurilma 10 080 mA/soat sig‘imli to‘rtinchi avlod “Qinghai Lake” batareyasi hamda yangi avlod MediaTek Dimensity 8500 Elite protsessori bilan jihozlangan. Boshlang‘ich narx 380 dollar etib belgilangan.
Yangi model 12 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotiraga ega versiyada 380 dollarga taklif etilmoqda. 12 GB + 512 GB xotirali talqini esa 430 dollar turadi. Smartfon 7,98 mm qalinlikda bo‘lib, avvalgi avlod bilan solishtirganda dizayn o‘lchamlari saqlab qolingan.

Honor Power 2 metall mat romga ega bo‘lib, yaxlit sovuq o‘yma texnologiyasida ishlab chiqilgan. Qurilma quyosh rangidagi to‘q sariq, qor-oq va qora ranglarda taqdim etiladi. Smartfon IP68, IP69 va IP69K standartlari bo‘yicha to‘liq chang va suvdan himoyalangan.
Qurilma 80 vattli tezkor quvvatlash hamda 27 vattli teskari quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu orqali smartfon tashqi qurilmalar uchun “powerbank” vazifasini ham bajarishi mumkin. 6,79 dyuymli ekran 8000 nitgacha yorqinlikni ta’minlaydi va ko‘zni asrashga mo‘ljallangan Oasis texnologiyasiga ega.

Shuningdek, model Power Signal Island dizayni, C1+ radiochastota kuchaytiruvchi chip va ikki yo‘lli parallel antenna tizimi bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bu yechimlar zaif tarmoqlarda signal sifatini 200 foizgacha yaxshilaydi. Dimensity 8500 Elite chipi AnTuTu testida 2,4 milliondan yuqori natija ko‘rsatgani aytilmoqda.
Honor Power 2 kundalik foydalanish, uzoq batareya ishlash muddati va mustahkamlikka urg‘u berilgan smartfon sifatida bozorga chiqarildi.
Qaynoq24.uz Honor Magic 8 smartfoni uchun yangi funksiya taqdim etilgani haqida yozgan edi.

