Eron AQSh tomonidan harbiy hujum uyushtirilsa, keskin javob berilishini ma’lum qildi. Bu bayonot mamlakatda norozilik namoyishlari kuchayib borayotgan bir paytda yangradi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
BBC manbalari va faollar ma’lumotiga ko‘ra, hukumatning namoyishlarga qarshi choralarida yuzlab odamlar halok bo‘lgan. AQShda joylashgan Human Rights Activist News Agency 495 nafar namoyishchi va 48 nafar xavfsizlik xodimi o‘limini tasdiqlagan.
Shuningdek, so‘nggi ikki hafta ichida 10,6 mingdan ortiq shaxs hibsga olingani aytilmoqda. Tehrondagi manbalar vaziyatni “urush maydoniga o‘xshash” deb ta’riflamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron yetakchilari muzokara istagini bildirganini aytdi. Shu bilan birga, zarurat bo‘lsa, AQSh harakat qilishi mumkinligini ham ta’kidladi.
AQSh rasmiylariga ko‘ra, Eron bo‘yicha harbiy zarba variantlari muhokama qilingan. Boshqa ehtimoliy choralar qatorida sanksiyalarni kuchaytirish va kiberhujumlar ham tilga olinmoqda.
Eron parlamenti spikeri AQSh hujumi sodir bo‘lsa, Isroil hamda AQShning mintaqadagi harbiy obyektlari qonuniy nishonga aylanishini bildirdi.
Namoyishlar dastlab inflyatsiya va iqtisodiy muammolar sabab boshlangan. Hozirda esa noroziliklar oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy boshqaruviga qarshi shiorlar bilan davom etmoqda.
Eron hukumati mamlakatda uch kunlik motam e’lon qildi. Internet aloqasi cheklangani sabab mustaqil axborotlarni tekshirish qiyinlashgan.
Qaynoq24.uz nashri Erondagi norozilik namoyishlari ortidan kamida 45 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

