Venesuela hukumati sobiq sanoat va milliy ishlab chiqarish vaziri Aleks Saabni AQShga deportatsiya qildi. U sobiq hukmdor Nikolas Maduroning yaqin safdoshi sifatida tanilgan.
DW xabariga ko‘ra, deportatsiya 16-may kuni amalga oshirilgan. Bu haqda 17-may kuni Venesuela migratsiya xizmati Saime ma’lum qilgan. Idora bayonotida Saab AQShda turli jinoyatlarga aloqador ekani aytilgan. Shu sababli uni deportatsiya qilish haqida qaror qabul qilingan.
Aleks Saab Kolumbiya fuqarosi hisoblanadi. Shu bilan birga, unda Venesuela pasporti ham bo‘lgan. Venesuela konstitutsiyasi o‘z fuqarolarini boshqa davlatga topshirishni taqiqlaydi. Saab uzoq yillar davomida Nikolas Maduroning yaqin odami sifatida ko‘rilgan. U Maduro va uning hukumatiga pul yuvishda yordam berganlikda ayblanadi.

AQSh tomoni uni Maduro nomidan harakat qilgan shaxs sifatida ko‘rgan. Venesuela sobiq rahbari esa unga fuqarolik va diplomatik pasport bergani aytiladi. Aleks Saab 2020-yil iyun oyida Kabo-Verde hududida qo‘lga olingan. Uning samolyoti u yerda texnik qo‘nishni amalga oshirgan edi.
Keyinroq u AQShga ekstraditsiya qilingan. U yerda Saab Amerika banklari orqali $350 mln pul yuvishda ayblangan.
2023-yil oxirida Saab Vashington va Karakas o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi doirasida Venesuelaga qaytgan. 2024-yilda esa Maduro uni vazir lavozimiga tayinlagan. Nikolas Maduro AQSh harbiylari tomonidan qo‘lga olinganidan keyin Saab yangi administratsiya tomonidan lavozimidan ozod etilgan.
Hozir Venesuelada administratsiyani prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges boshqarayotgani aytilmoqda.
Qaynoq24.uz Donald Tramp Venesuela prezidentligiga nomzod bo‘lishini aytgani haqida yozgan edi.

