Toshkent shahrida xotinini kaltaklab, yerto‘laga qamab qo‘ygan erkak 3 yil 1 oyga qamaldi. Bu haqda UzNews sud ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Sud materiallariga ko‘ra, 2025-yil 26-iyul kuni kechqurun Yashnobod tumanida yashovchi sudlanuvchi xotinini kaltaklab, ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga olib tushib, u yerda noqonuniy ravishda qamab qo‘ygan. Ayol bir sutka davomida suv va oziq-ovqatsiz, hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan qorong‘i va zax sharoitda saqlangan.
Aniqlanishicha, erkak turmush o‘rtog‘ini Samarqand viloyatidagi qarindoshlari to‘yiga yubormaslik maqsadida zo‘rlik ishlatgan. Shuningdek, u 2025-yil 31-avgust kuni ham xotiniga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilgan. Natijada ayolga yengil tan jarohati yetkazilgan va bu holat sud-tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tasdiqlangan.
Sud jarayonida sudlanuvchi aybini to‘liq tan olgan. Jabrlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, oilada to‘rt nafar farzand bor. Uning aytishicha, zo‘ravonlik holatlari 2016-yildan buyon muntazam davom etgan. Ayol ilgari huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, biroq mahalla tavsiyasi bilan oilani saqlab qolish umidida arizalarini qaytarib olgan.
Mahalla raisi sudda ushbu oilada doimiy janjallar bo‘lib turganini, erkakning harbiy sohadagi xizmat muammolari oilaviy hayotga ko‘chib o‘tganini ma’lum qilgan.
Sud to‘plangan dalillarni baholab, erkakni Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 126-1-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topdi. Erkakka 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qaynoq24.uz Farg‘onada 14 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ishi ochilgani haqida yozgan edi.

