Namangan viloyatida ISUZU yuk mashinasida 195 mln so‘mlik aksiz markasiz tamaki mahsulotlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
O‘tkazilgan tadbir davomida fuqaro R.J. va boshqalar ISUZU rusumli yuk avtomashinasida qonunga xilof tamaki mahsulotlarini olib kelayotgani aniqlandi.
Tekshiruv jarayonida yuk mashinasiga ortilgan kunjara ostiga yashirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan ikki turdagi jami 15 ming quti aksiz markasiz tamaki mahsuloti topildi. Ushbu mahsulotlarning umumiy bahosi 195 mln so‘mni tashkil etadi.

Holat Pop tumani hududida aniqlanib, tamaki mahsulotlari ashyo dalil sifatida olib qo‘yildi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi, ya’ni etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish bilan bog‘liq modda asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Toshkentda xotinini kaltaklab, yerto‘laga qamab qo‘ygan erkak 3 yil 1 oyga qamalgani haqida yozgan edi.

