Ispaniyaning janubidagi Kordobada yuqori tezlikdagi ikki poyezd to‘qnashib ketdi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lgan. Yana o‘nlab odamlar jarohat olgan. Bu haqda mahalliy nashrlarga tayanib The New York Times xabar bermoqda.
Falokat 18-yanvar kuni soat 19:45 lar atrofida Adamuz yaqinida sodir bo‘lgan. Dastlabki poyezd relsdan chiqib ketgan. Uning orqa vagonlari qarama-qarshi yo‘lga o‘tib, aynan shu paytda qarshi tomondan kelayotgan boshqa poyezd bilan to‘qnashgan.
Transport vaziri Oskar Puentening aytishicha, birinchi poyezd Malagadan Madridga ketayotgan xususiy poyezd bo‘lgan. Ikkinchi poyezd esa Ispaniya milliy temiryo‘l kompaniyasiga tegishli bo‘lib, Uelva shahriga harakatlanayotgan edi.
Andalusiya favqulodda xizmatlari kamida 73 kishi jarohat olganini bildirdi. Ularning 24 nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Andalusiya hukumati rahbari Xuanma Moreno halok bo‘lganlar soni oshishi mumkinligini ma’lum qildi.
Hodisa joyida qo‘shimcha tibbiy markaz tashkil etildi. Kordoba shahri hokimiyati shifokorlarni yordamga chaqirdi. Qutqaruvchilar eng ko‘p zarar ko‘rgan vagonlarda qolib ketgan yo‘lovchilarga ustuvor yordam ko‘rsatmoqda.
Falokat sabablariga hozircha oydinlik kiritilmadi. Vazir Puente voqea to‘g‘ri yo‘l qismida yuz berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poyezd nisbatan yangi bo‘lgan, temiryo‘l uchastkasi esa yaqinda yangilangan edi.
Baxtsiz hodisa sabab Madrid va Andalusiyaning bir qator yirik shaharlari, jumladan Kordoba, Sevilya, Malaga va Uelva yo‘nalishlarida poyezd qatnovlari vaqtincha to‘xtatildi. Ispaniya rasmiylari voqea bo‘yicha tergovni davom ettirmoqda.
Qaynoq24.uz Tailandda yo‘lovchi poyezd bilan bog‘liq og‘ir fojiada 19 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

