AQShda Donald Tramp surati tushirilgan pasportlar chiqariladi

Foto: Reuters
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh hukumati prezident Donald Tramp surati tushirilgan maxsus pasportlar chiqarilishini tasdiqladi. Bu pasportlar mamlakat Mustaqillik deklaratsiyasining 250 yilligiga bag‘ishlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi dizayndagi pasportlar cheklangan miqdorda chiqariladi. Ular dastlab Vashington shahridagi Pasport agentligida beriladi. Har qanday AQSh fuqarosi ariza topshirib, ushbu maxsus pasportni olish imkoniga ega bo‘ladi.

Pasport dizaynida Tramp surati joylashtiriladi. Uning atrofida Mustaqillik deklaratsiyasi matni va AQSh bayrog‘i tasviri bo‘ladi. Shuningdek, prezident imzosi oltin rangda aks ettiriladi. Oq uy vakiliga ko‘ra, bu tashabbus amerikaliklar orasida vatanparvarlik ruhini oshirishga qaratilgan. Yubiley tadbirlari doirasida sport, yarmarka va boshqa yirik bayramlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi pasportlarda esa AQSh tarixiga oid sahnalar mavjud. Masalan, Oyga qo‘nish yoki Ozodlik haykali tasvirlari ishlatiladi. Mutaxassislar yangi pasportlar bo‘yicha muhim savolni ko‘tarmoqda. Fuqarolar ushbu dizayndan voz kechish imkoniga ega bo‘ladimi yoki yo‘q, bu hali aniq emas.

So‘nggi paytda Tramp nomini davlat loyihalari bilan bog‘lash kuchaymoqda. AQSh zarbxonasi uning tasviri tushirilgan esdalik oltin tangani ham chiqarishni rejalamoqda. Bundan tashqari, amaldagi prezident sifatida uning imzosi ilk bor dollar kupyuralarida paydo bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Kennedi markazi nomini o‘zgartirish taklifi ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tramp ma’muriyati markazni o‘z nomi bilan qayta atashni ilgari surgan. Yana bir yirik loyiha Oq uy hududida amalga oshirilmoqda. Bu yerda katta bal zali qurilishi rejalashtirilgan. Ammo loyiha tarixiy merosni himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan sudga berilgan.

Qaynoq24.uz Tramp Eronning tinchlik rejasiga shubha bilan qarayotgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.