TikTok platformasida yangi 90 soniyalik format joriy etilishi mumkin

Foto: Gizchina
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

TikTok qisqa videolar bozorida navbatdagi tajribasini boshladi. Kompaniya mikrodoramalar formatiga pul tikmoqda. Bu qisqa, ssenariy asosida yaratilgan va ketma-ket epizodlardan iborat hikoyalar bo‘lib, har bir epizod odatda 60–90 soniyadan oshmaydi.

Shu yo‘nalishni sinovdan o‘tkazish uchun TikTok alohida PineDrama ilovasini ishga tushirdi. Ilova AQSh va Braziliyada Android hamda iOS platformalari uchun allaqachon mavjud. PineDrama TikTok ichidagi bo‘lim emas. U mikrodorama kontentiga to‘liq yo‘naltirilgan mustaqil ilova hisoblanadi.

Foto: Gizchina

PineDrama’da Love at First Bite va The Officer Fell for Me kabi nomlar bilan seriallar joylashtirilgan. Ilovaning o‘ziga xos jihati shundaki, TikTok bu ishga tushirishni keng reklamasiz, deyarli sezdirmay amalga oshirdi. Loyiha birinchi bo‘lib Business Insider tomonidan payqab qolingan. Bu esa PineDrama hozircha to‘liq emas, balki “yumshoq start” bosqichida ekanini ko‘rsatadi.

Ilova interfeysi tarmoq foydalanuvchilari uchun tanish. Vertikal videolar asosiy format bo‘lib qolgan. Tavsiyalar algoritm orqali beriladi. Trending va Discover bo‘limlari ham mavjud. Eng muhimi, foydalanuvchilar PineDrama’ga mavjud TikTok akkaunti orqali kira oladi. Hozircha barcha kontent bepul. Obuna, pullik epizod yoki yashirin to‘lovlar yo‘q.

Foto: Gizchina

Platforma hozircha PineDrama qanday daromad keltirishini ochiqlamagan. Bu jihat e’tiborga molik, chunki DramaBox va ReelShort kabi boshqa platformalarda monetizatsiya ancha aniq. Ularda bir nechta bepul epizoddan so‘ng qolgan qismi obuna orqali ochiladi. Tarmoq bu modelni tanlaydimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.

Mutaxassislarning qayd etishicha, mikrodoramalar avval Xitoyda mashhur bo‘lgan. Hozir esa G‘arb bozorlarida ham tez ommalashmoqda. Owl & Co. tadqiqotiga ko‘ra, Xitoydan tashqaridagi qisqa drama ilovalari 2025-yilda 3 mlrd dollar daromad keltirishi kutilmoqda. Bu 2024-yilga nisbatan uch baravar ko‘p.

Ba’zi loyihalar allaqachon rekord natijalarga chiqqan. Masalan, ReelShort platformasidagi The Double Life of My Billionaire Husband loyihasi deyarli 500 mln tomosha to‘plagan.

Qaynoq24.uz Samsung TikTok Shop do‘konini ishga tushirgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.