Honor kompaniyasi Pop Mart bilan hamkorlikda yaratilgan Honor 500 Pro Molly 20 yillik yubiley talqinini rasman taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Model Honor tarixidagi ilk to‘liq dizaynerlik “toy-smartfon” hisoblanadi. Qurilma 4 499 yuan, ya’ni taxminan 646 dollar narxda baholandi. Sotuvlar 25-yanvar kuni soat 10:08 dan boshlanadi.
Maxsus nashr faqat bitta konfiguratsiyada taklif etiladi — 16 GB tezkor xotira va 512 GB doimiy xotira. Smartfon dizayni Pop Mart’ning mashhur Molly personajiga bag‘ishlangan. Bu obrazning 20 yilligi munosabati bilan qurilmaning orqa paneliga Obsidian Black rangida Molly Painter illyustratsiyasi tushirilgan.

Tizim interfeysi ham to‘liq Molly uslubida bezatilgan. Smartfonda maxsus fon rasmlari, kamera suv belgisi, zaryadlanish animatsiyalari va alohida UI dizayn mavjud.
Honor shuningdek yorug‘lik effektlariga ega maxsus chamadon ko‘rinishidagi sovg‘a qutisini ham taqdim etdi. To‘plam ichidan Molly uslubidagi SIM-karta chiqarish ignasi, mum muhrli taklifnoma, vitraj uslubidagi art-kartalar, qizil konvertlar, plyonka stikerlar, brendlangan smartfon g‘ilofi, juft magnitlar va bo‘yin ipini topish mumkin.
Texnik jihatdan model oddiy Honor 500 Pro bilan bir xil. U Snapdragon 8 Elite protsessori va 8 000 mA/soat sig‘imli Qinghai Lake batareyasi bilan jihozlangan. 80 Vt simli va 50 Vt simsiz tezkor zaryadlash qo‘llab-quvvatlanadi.

Asosiy kamera 200 MP sensor bilan jihozlangan. Shuningdek, 50 MP telefoto va 12 MP ultra keng burchakli makro kamera mavjud.
Honor kompaniyasi Xitoyning 100 dan ortiq shahrida, jumladan Pekin va Shanxayda Molly mavzusidagi pop-up do‘konlar va tadbirlar o‘tkazilishini ham e’lon qildi. U yerda maxsus kolleksion mahsulotlar taqdim etiladi.
Shu bilan birga, Honor Magic 8 Pro Air va Magic 8 RSR smartfonlari ham namoyish qilindi.
Qaynoq24.uz Honor 200 smartfonining narxi keskin tushgani haqida yozgan edi.

