Moldova hukumati Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan (MDH) chiqish bo‘yicha rasmiy jarayonni boshladi. Kishinyov MDHga a’zolik asosini tashkil etuvchi uchta muhim kelishuvni bekor qilish tartibini ishga tushirdi. Bu haqda Radio Moldova efirida mamlakat tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ushbu hujjatlar kuchini yo‘qotsa, Moldova rasmiy va huquqiy jihatdan MDH a’zoligidan chiqadi. Vazir ta’kidlashicha, mamlakat de-fakto MDH faoliyatida allaqachon ishtirok etmay kelmoqda.
Gap 1991-yil 8-dekabrda imzolangan MDHni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, 1991-yil 22-dekabrdagi ilova va 1993-yil 22-yanvarda Minskda imzolangan MDH ustavi haqida bormoqda. Popshoyning aytishicha, hujjatlar bo‘yicha qarorlar yangi parlament sessiyasining boshida ko‘rib chiqiladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, fevral oyi o‘rtalariga kelib hukumat darajasidagi jarayonlar yakunlanadi. Shundan so‘ng masala parlament tomonidan hal qilinadi. Popshoy bu qarorni Moldovaning Yevropaga yo‘nalishini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Moldova MDH doirasida 283 ta kelishuv imzolagan. Ulardan 71 tasi allaqachon bekor qilingan. Yana 60 ga yaqin hujjat bo‘yicha denonsatsiya jarayoni davom etmoqda. Shu bilan birga, Kishinyov Yevropa siyosatiga zid bo‘lmagan va aholiga iqtisodiy foyda keltiradigan bitimlarni saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan savdo aylanmasi ikki baravar oshgani haqida yozgan edi.

