Eron hukumati AQSh bilan muzokaralarda asosiy dengiz yo‘lagi bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi hozircha ochilmasligini bildirdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Eron tomoni vakili Muhammad Boqir G‘olibof AQSh va Isroil harakatlarini “ochiq buzilishlar” deb atadi. Uning aytishicha, AQShning Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasi global iqtisodiyotga bosim o‘tkazmoqda. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon muzokaralarga ochiqligini ma’lum qildi. Ammo u majburiyatlarning buzilishi va tahdidlar muzokaralarga asosiy to‘siq bo‘layotganini ta’kidladi.
Avvalroq AQSh va Eron o‘rtasida Pokistonda yangi muzokaralar o‘tkazilishi kutilgan edi. Biroq ular hali boshlanmadi. AQSh delegatsiyasiga boshchilik qilishi kerak bo‘lgan Jey Di Vens hozircha mamlakatdan chiqmagan. Shu bilan birga, Donald Tramp sulh muddatini uzaytirganini e’lon qildi. Oq uy bu uzaytirish aniq muddatga ega emasligini bildirdi. Rasmiylar AQSh Eron ustidan bosimni davom ettirayotganini ham yashirmadi.

Vaziyat fonida Hormuz bo‘g‘ozida keskinlik saqlanib qolmoqda. Eron ikki yuk kemasini “tekshiruv” uchun qo‘lga olganini ma’lum qildi. Bu hodisa hududda bir nechta kemalarga hujum qilingani ortidan yuz berdi. Eron Inqilobiy gvardiyasi dengiz kuchlari kemalar ruxsatsiz harakat qilganini bildirdi. Ular navigatsiya tizimlariga aralashganlikda ham ayblandi. Rasmiylar bo‘g‘ozda barcha harakatlar nazorat ostida ekanini va qoidabuzarlarga qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Hujumga uchragan kemalardan biri Birlashgan Arab Amirliklari yaqinida to‘xtagan. Yana ikki kema shikastlangan. Yunonistonga tegishli kemaga ham hujum bo‘lgani tasdiqlandi. AQSh tomoni esa bu kemalarning qo‘lga olinishi sulhni buzish hisoblanmasligini bildirdi. Oq uy vakiliga ko‘ra, gap AQSh yoki Isroil kemalari haqida ketmayapti.
Qaynoq24.uz Eron AQSh dengiz blokadasini urush harakati deb baholagani haqida yozgan edi.

