2024-yilda AQSh sobiq prezidentligiga nomzod bo‘lgan Donald Trampga suiqasd uyushtirishga uringan Rayan Rout umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
59 yoshli Rayan Rout 2024-yil sentabr oyida Florida shtatining Uest-Palm-Bich shahridagi Trump International golf maydonida Trampni otib o‘ldirishga uringanlikda aybdor deb topilgan. Sud hukmiga ko‘ra, uning jinoyati uchun umrbod qamoq jazosi belgilandi.
Sudya Aylin Kennon hukm izohida Routning harakatlari rejalashtirilgan va ongli bo‘lganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ayblanuvchi bir necha oy davomida prezidentlikka nomzodga suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan, yo‘lida kim bo‘lishidan qat’i nazar odam o‘ldirishga tayyorligini namoyon qilgan va hozirgacha qilmishidan afsus bildirmagan.
Voqea chog‘ida AQSh Maxfiy xizmati xodimi butalar orasidan chiqib turgan miltiq stvolini payqab, Rout tomonga o‘q uzgan. Shundan so‘ng u voqea joyidan qochgan, biroq tez orada qo‘lga olingan. Tergov davomida yashiringan joyidan optik nishonga ega yarimavtomat miltiq va kengaytirilgan magazin topilgan.
Shuningdek, sud jarayonida Rout Tramp bo‘lishi mumkin bo‘lgan manzillar ro‘yxatini va tanishiga yozilgan, hodisani “suiqasd urinish” deb ta’riflagan xatni qoldirgani ma’lum qilingan.
Ayblanuvchi sudda o‘z aybini tan olmagan va himoyasini o‘zi olib borgan. Sud jarayoni vaqtida u o‘zini noodatiy tutgani, jumladan, Trampni golf o‘yiniga chaqirgani va Adolf Gitler hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida gapirgani qayd etilgan. Hukm e’lon qilingach, Rout o‘ziga ruchka bilan jarohat yetkazishga uringan, biroq sud zalidan darhol olib chiqilgan.
Prokuror Jon Shiplining aytishicha, sudda taqdim etilgan dalillar Routning suiqasdni amalga oshirishga juda yaqin kelganini ko‘rsatadi. Ushbu hodisa 2024-yilda Tramp hayotiga uyushtirilgan ikkinchi suiqasd bo‘lgan.
Qaynoq24.uz Tramp Janubiy Koreya importiga bojlarni 25 foizgacha oshirgani haqida yozgan edi.

