Janubiy Yevropadagi yong‘inlar (Portugaliya, Gretsiya, Fransiya, Ispaniya) avj olmoqda. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Yuzaga kelgan yong‘inlar yozgi turizm mavsumi qizigan bir paytda minglab odamlar xavfsizligiga tahdid solmoqda. Yevropa rasmiylari iyul va avgust oylarida yong‘in xavfi juda yuqori bo‘lishi mumkinligi haqida oldindan ogohlantirgan edi.
Fransiyaning janubi-g‘arbida yuz bergan yong‘in ayniqsa katta e’tibor markazida turibdi. Pireney-Oriental departamentidagi Treviyak hududida boshlangan yong‘in Tour de France velopoygasining uchinchi bosqichiga ta’sir qilishi mumkin.

Rasmiylar poyga yo‘nalishining bir qismini bekor qilish yoki o‘zgartirish bo‘yicha qarorni yakshanba kuni oxirigacha qabul qilishlarini ma’lum qilgan. Velosportchilar dushanba kuni Pireneydagi Les Angles manzilida finishga yetib kelishi kerak edi.
Treviyakdagi yong‘in shanba kuni boshlangan. Hodisa oqibatida ikki kishi — bir nafar o‘t o‘chiruvchi va bir nafar mahalliy aholi vakili og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Yong‘inni jilovlash uchun 750 nafar o‘t o‘chiruvchi, 200 ta texnika hamda suv tashlovchi vertolyot va samolyotlardan iborat to‘qqizta havo vositasi jalb qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, alanganing faol fronti 18 kilometrga cho‘zilgan. Fransiyaning janubi-sharqidagi Drom departamentining tog‘li hududida ham 300 ga yaqin o‘t o‘chiruvchi yana bir yong‘inga qarshi kurashmoqda.
Qaynoq24.uz Dehlidagi yong‘inda kamida 21 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.


