Rossiyada harbiy sud Stavropol o‘lkasi hukumat binosida terakt tayyorlashda ayblangan o‘zbekistonlikni 20 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda sud materiallariga tayanib xabar qilindi.
Hukmga ko‘ra, mahkum dastlabki 5 yilni qamoqda, qolgan 15 yilni qat’iy tartibli koloniyada o‘taydi. Shuningdek, sud unga 1 mln rubl miqdorida jarima tayinladi. Bu qariyb $12,9 mingga teng.
Materiallarga ko‘ra, u 2023-yil yanvar oyida terrorchilik tashkiloti sifatida taqiqlangan guruhni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi haqida videomurojaat yozgan.
2023-yil kuzida erkak O‘zbekistondan Rossiyaga kelgan. U bir necha obyektlarni suratga olib, tasvirlarni mazkur tashkilot vakillariga yuborgan. Keyinchalik unga Stavropol hukumati binosida portlash sodir etish topshirig‘i berilgani aytiladi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2023-yil dekabr oyida u portlovchi modda tayyorlash uchun zarur komponentlarni sotib olgan va yashirgan. O‘sha yil oxirida u maxsus xizmatlar tomonidan qo‘lga olingan.

